Oliy taʼlim muassasalarida oʻqishga qabulni sifatli tashkil etish maqsadida oliy taʼlim muassasalarida qabul komissiyalari tashkil etiladi.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, tassarufida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar tomonidan belgilangan tartibda qabul komissiyasi raisi, uning oʻrinbosari va qabul komissiyasi kotiblari tayinlanadi. Bunda oliy taʼlim muassasasi rektori (direktori) lavozim boʻyicha qabul komissiyasiga raislik qiladi.
Qabul komissiyalari aʼzolarining vazifalari qabul komissiyasi raisi tomonidan belgilanadi.
Abituriyentlarning oʻqishga qabul qilish haqidagi arizalari oliy taʼlim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan 15 iyundan 15 iyulgacha (shu kuni ham), Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi uchun 15 iyundan 10 iyulgacha qabul qilinadi.
Abituriyent oliy taʼlim muassasasi qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  • taʼlim yoʻnalishi, oʻquv tili, shakli koʻrsatilgan holdagi ariza (arizada oliy taʼlim muassasasini tugatganligi yoki oliy maʼlumoti yoʻqligi, qaysi chet tilidan test topshirishi, harbiy tavsiyanomaga ega boʻlganlar uning raqamini va tanlangan ikkinchi oliy taʼlim muassasasi, taʼlim yoʻnalishini koʻrsatishlari hamda test sinovlarini oʻtkazish qoidalari va javoblar varaqalarini toʻgʻri toʻldirish bilan tanishganligi koʻrsatiladi);
  • umumiy oʻrta taʼlim (11-sinf negizida) yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatning asl nusxasi;
  • 086-U-shakl boʻyicha tibbiy maʼlumotnoma;
  • pasport (pasport yoshiga yetmaganlar uchun tugʻilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma)ning nusxasi;
  • 3.5 x 4.5 sm hajmdagi 6 dona rangli fotosurat;
  • maxsus sirtqi boʻlim abituriyentlari uchun mehnat daftarchasidan belgilangan tartibda tasdiqlangan koʻchirma va ishlab turgan sohadan tavsiyanoma.

Toʻliq davlat taʼminotidagi yetim bolalar va I guruh koʻzi ojiz nogironlar ushbu holatni tasdiqlovchi hujjatlarni topshiradilar.
Toʻliq davlat taʼminotidagi yetim bolalar toifasiga “Mehribonlik uylari”da yashab taʼlim olgan, 18 yoshga toʻlmagan, otasi ham, onasi ham vafot etgan yoki sud qaroriga binoan vafot etgan deb eʼlon qilingan bolalar kiradi.
Ariza shakli Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Tanlovdan tashqari oʻqishga kirish huquqiga ega boʻlgan xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlar va musobaqalar gʻoliblari asl nusxadagi tasdiqlovchi hujjatlarni topshiradilar.
Abituriyent arizasida “oʻzim haqimda quyidagilarni maʼlum qilaman” grafasiga hujjatlar bilan tasdiqlovchi holatlar (bolalikdan I va II guruh nogironlari, yetim, “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari va boquvchisi yoʻq) qayd etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolar harbiy qism qoʻmondonligining tegishli tavsiyanomasining aslini yuqorida koʻrsatilgan hujjatlar bilan birgalikda taqdim etadilar.
Harbiy qism tavsiyanomasining shakli va uni berish tartibi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan belgilanadi.
Abituriyent tomonidan pasport (pasport yoshiga yetmaganlar tugʻilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma) hamda harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjat qabul komissiyasiga shaxsan koʻrsatiladi.
Harbiy qismlar qoʻmondonligi tavsiyanomalari ular berilgan kundan hamda muddatli harbiy xizmatni tugatgan davridan boshlab, uch yil mobaynida haqiqiy hisoblanadi (oliy taʼlim muassasasiga talabalikka qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi rasmiy buyruq boʻlsa, imtiyozdan takroran foydalanish mumkin emas).
Koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar mavjud boʻlganda oliy taʼlim muassasasi qabul komissiyasi abituriyentning hujjatlarini qabul qilishni rad etishga haqli emas.
Hujjatlar qabul qilishning belgilangan muddatlari tugagandan soʻng hujjatlarga qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar kiritish qatʼiyan man qilinadi.
Abituriyent tomonidan topshirilgan hujjatlarning qalbakiligi aniqlansa, u holda abituriyent test sinovlaridan (oliy taʼlim muassasasidan) chetlashtiriladi hamda hujjatlari oʻrnatilgan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga yuboriladi.
Oliy taʼlim muassasalari qabul komissiyalari 20 iyulgacha boʻlgan muddatda Davlat test markazi orqali Davlat komissiyasiga taʼlim yoʻnalishi, oʻquv shakli va tili koʻrsatilgan holda, abituriyentlarning soni haqida belgilangan shakldagi maʼlumotni imtiyozga ega boʻlganlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan qoʻshib taqdim etadilar.

 

Ўзбекистон Республикаси Президентининг 2019 йил 14 майдаги «Олий таълим муассасаларига тест синовлари орқали қабул қилиш тизимини такомиллаштириш бўйича қўшимча чора-тадбирлар тўғрисида»ги ПҚ-4319-сонли қарориЎзбекистон Республикаси Президентининг 2019 йил 14 майдаги ПҚ-4319-сон қарори ижросини таъминлаш туғрисида

Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг 2018 йил 22 июндаги «Ўзбекистон Республикаси Қуролли Кучлари ҳарбий хизматчилари фарзандларининг квота асосида республика олий таълим муассасаларига ўқишга кириши учун тавсияномалар бериш тартиби тўғрисидаги низомни тасдиқлаш ҳақида»ги 462-сон қарори

Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг 2019 йил 7 июндаги «Олий таълим муассасаларига ўқишга кириш учун ҳужжатларни қабул қилиш бўйича давлат хизматларини кўрсатишнинг маъмурий регламентини тасдиқлаш тўғрисида»ги 468-сон қарори

Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг 2019 йил 27 апрелдаги «Вазирлар Маҳкамасининг «Олий таълим муассасаларига ўқишга қабул қилиш, талабалар ўқишини кўчириш, қайта тиклаш ва ўқишдан четлаштириш тартиби тўғрисидаги низомларни тасдиқлаш ҳақида» 2017 йил 20 июндаги 393-сон қарорига ўзгартириш ва қўшимчалар киритиш тўғрисида»ги 360-сон қарори

Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг 2018 йил 3 апрелдаги «Олий таълим муассасаларига ўқишга қабул қилиш тартибини янада такомиллаштириш тўғрисида»ги 261-сон қарори