Zamonamizga munosib Davr qizlari aniqlandi | | Karakalpak state university

Zamonamizga munosib Davr qizlari aniqlandi

Universitetimiz madaniyat saroyida Qoraqalpoq davlat universiteti Xotin-qizlar kengashi tomonidan “Yoshlarni qo’llab-quvvatlash va xalq salomatligini mustahkamlash yili” va 8-mart Xotin-qizlar bayramiga bag’ishlangan “Davr qizlari” nomli talaba qizlar tanlovi bo’lib o’tti. Tanlovni o’tkazishdan asosiy maqsad, talaba-qizlarning o’qishda va jamoat ishlarida faolligini orttirish, ularda ona Vatanga sadoqat, fidoyilik tuyg’ularini yanada mustahkamlash, oilaga, kelajak hayotga tayyorlash, o’zlari tanlagan sohasiga muhabbat hissini orttirish, milliy urf-odatlarimizni, qadiriyatlarimizni, odobli, iboli bo’lish kabi fazilatlarni shakllantirishdan iborat.  Tanlovga o’n to’rt fakultettan to’rtta talaba-qiz tarkibida tuzilgan, o’n to’rtta jamoa ishtirok etib, jumladan to’rtta shart asosida o’z aro bellashdilar. 

Eng avvalo, “Tanishtiruv” shartida jamoa a’zolari o’z ijodiy imkoniyatlaridan kelib chiqib, o’zlarini, fakulteti va mutaxassisligini tanishtirishdi. 2021-yilgi davlat dasturida belgilangan maqsad va vazifalarning ahamiyati haqida so’zlab, siyosiy bilimdonligini ham namoyon eta olishdi. Ikkinchi shartta esa talaba qizlarning madaniyatli kiyinishi odob-axloqning eng go’zal namunasi ekanligini, o’qishda va jamoat joylarida qanday kiyinish kerakligini o’zlari yaratgan kiyim namunalari asosida ko’rsatib berishdi.

“Epli kelin kerakmi, sepli kelin kerakmi?…” nomli musiqiy-saxnaviy shartta esa jamoalar turmushda va oilada bo’ladigan har xil voqealarni saxna ko’rinishlarida gavdalantirishdi. Shu asnoda talaba  qizlarning notiqligi, aktyorlik mahorati baholandi. Nihoyat eng so’nggi, “Bilimli qizlar – jamiyat baxti” shartida esa jamoa sardorlariga siyosiy va turmushga oid savollar berilib, ularning bilim darajasi sinaldi. 

1-mart kungi tanlov yakuni bo’yicha Jismoniy madaniyat  fakulteti qizlari 1-o’rin, Iqtisodiyot va Chet tillari fakulteti 2-o’rin,  Sonaotshunoslik  fakulteti talaba-qizlari esa 3-o’rinni egallashdi. 2-mart kungi yakun bo’yicha 1-o’rin Kimyo-texnologiya fakultetiga, 2-o’rin Qoraqalpoq filologiyasi va jurnalistika fakultetiga, 3-o’rin O’zbek filologiyasi fakulteti talaba qizlariga nasib etti. Shuningdek, eng faol qatnashgan fakultet jamoalari faxriy yorliq va esdalik sovg’alari bilan, eng faol qizlar esa “Eng chaqqon qiz”, “Eng iboli qiz”, “Eng bilimli qiz” kabi nominatsiyalar bilan taqdirlanishdi.

 

Qoraqalpoq filologiyası va jurnalistika fakulteti

talabasi  Biybixadisha Joldasbaeva 

 

 

Foydali havolalar