Maqsadimiz ota-onalar bilan birgalikda talabalarga bo'lgan e'tiborni kuchaytirish | | Karakalpak state university

Maqsadimiz ota-onalar bilan birgalikda talabalarga bo’lgan e’tiborni kuchaytirish

 Berdaq nomidagi Qoraqalpoq Davlat Universiteti Kimyo texnologiya fakultetining kimyoviy-texnologiya yo’nalishi 1-kurs talabalari uchun 2021-yilning 15-mart kuni ota-onalar majlisi bo’lib o’tdi. O’qituvchi va ota onalar o’rtasida muloqotni yo’lga qo’yish, ular bilan talabalarning ta’lim-tarbiyasiga va davomatiga e’tiborni yanada kuchaytirish uchun harakat qilish maqsadida uchrashuv tashkillashtirildi. Uchrashuvni Kimyoviy-texnologiya kafedrasi rahbari Xojametova Bibimariyam opa, fakultet ma’naviy-ma’rifiy ishlari va yoshlar bilan ishlash bo’yicha dekan o’rinbosari Sultanov G’ulomjon aka hamda 1-a Kimyoviy texnologiya guruhi rahbari Adilxanova Mo’ldir opa boshchiligida o’tkazildi.

  Uchrashuvni Xojametova Bibimariyam opa o’z so’zlari bilan ochib berib, universitetda va fakultetda olib borilayotgan ilmiy, tarbiyaviy, ma’naviy va ma’rifiy ishlar hamda Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev tomonidan talabalarga berilayotgan imkoniyatlar va yoshlarga qaratilayotgan e’tibor haqida aytib o’tdi. Talabalarning bunday imkoniyatlardan to’g’ri foydalanishi va bo’sh vaqtlarida ota-onalar o’z farzandlari bilan alohida shug’ullanishlari kerakligi haqida to’xtalib o’tildi. Bundan tashqari ota-onalarga farzandlari erishgan yutuqlari, ba’zi talabalarning esa kamchiliklari haqida to’liq ma’lumot berildi.

  Shundan keyin fakultetning Yoshlar bilan ishlash bo’yicha dekan o’rinbosari Sultanov G’ulomjon aka tomonidan ta’lim-tarbiya ishlari, o’qituvchilarning ota-onalar bilan birgalikda harakat qilishlari, talabalarimizni milliyligimizga sodiq qilib tarbiyalash, ular o’rtasida huquqbuzarlik, jinoyatchilikka qarshi kurashishga, kiyinish madaniyati hamda o’quvchi yoshlarni har xil oqimlarga qarshi fikrlarini to’g’ri rivojlantirishlari zarurligini, bu borada birgalikda harakat qilishlarini aytib o’tdi va qo’shimcha sifatida kredit-modul tizimi va kontrakt to’lash shartlari bilan tanishtirib o’tildi. Bundan tashqari talabalarning bo’sh vaqtlarni mazmunli va qiziqarli o’tkazish, talabalarning darslarini o’z vaqtida tayyorlashi, o’z ustida ishlashi, dam olishi, sport va boshqa ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga qatnashishlari uchun universitetda yaratilgan imkoniyatlar (oshxonalar, kutubxona, kompyuter xonalari, sport zallari, to’garaklar, talabalar turar joylari) haqida ota-onalarga to’liq ma’lumot berildi.

  Ota onalar o’zlarini qiziqtirgan barcha savol, talab va takliflarini aytib o’tishdi va eng asosiysi uchrashuv kutilganidan ko’ra maroqli va quvnoq ruhda o’tkazildi.

  Guruh rahbari Adilxanova Mo’ldir opa guruhidagi talabalarning ta’lim-tarbiyasi va davomatiga alohida to’xtalib o’tdi. Shundan so’ng guruh sardori Soatov Mirali va guruh yetakchisi Jalgasbaeva Barnolarning ota-onalarga tashakkurnoma berildi va sport bo’yicha voleybol musobaqasiga qatnashgan 6 ta qizning ota-onasiga tashakkur aytib o’tildi.

  Uchrashuv so’ngida kelgan barcha ota onalarga minnatdorchilik bildirildi.

 

 

                                                                            Kimyo texnologiya fakulteti 1-bosqich talabasi Ismailova Sevara.

 

Foydali havolalar