Bashariyatdagi har bir millatda bir yoki bir necha shunday ulug‘ farzandlari bo‘ladiki, ular Alloh ato etgan buyuk g‘ayrat, mislsiz iroda, teran aql-idrok va ezgu axloq-odoblari bilan shu xalq bayroqlari kabi muqaddas timsollarga aylanadilar. Ular andozalarga sig‘maydigan ulug‘ xizmatlari tufayli el tomonidan qadrlanadi. Shunday buyuk siymolardan biri, xalqimizning faxr-iftixori bo‘lgan she’riyat mulkining sultoni Alisher Navoiy hisoblanadi. Navoiy bobomizdan ulkan me’ros qoldi. Bu me’rosni dunyodagi hech bir boylikka qiyoslab bo`lmaydi. O‘z asarlari va hayot yo‘li orqali bizlarga doim ibrat maktabini o‘tab kelmoqda. Biz yoshlar ham Alisher Navoiy bobomizni doimo e’zozlaymiz, ularning ibratli hayotidan na’muna olamiz.
O‘zbek filologiyasi fakulteti talabalari 9-fevral Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligiga bag‘ishlab, “Alisher Navoiy merosi – ma’naviy-ma’rifiy qadriyatlarimiz asosi” nomli adabiy-badiiy kecha o‘tkazildi.
Tadbirni universitet prorektori S.Alauatdinov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Turkiy xalqlar adabiyoti takomilida Alisher Navoiy merosining o‘rni mavzusida Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi K.Karimov, Alisher Navoiy va jahon adabiyoti mavzusida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,shoir A.Otepbergenov,
«Alisher Navoiy ijodida inson qadrini ulug‘lovchi g‘oyalar talqini» mavzusida O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti f.f.f.d.(PhD) Z.Kobulova, Alisher Navoiy va turkman adabiyoti mavzusida Turkman tili va adabiyoti kafedrasi mudiri f.f.d.(DSc) O.Gayliyeva, Alisher Navoiy va Abay ijodiy an’analari mavzusida Qozoq tili va adabiyoti kafedrasi o‘qituvchisi R.Kenjebayevalar ma’ruzalari va Temurbeklar maktabi harbiy akademik litseyi o‘quvchilari tomonidan mushoira bo‘lib o‘tdi.
Shundan so‘ng navbat badiiy qismga berildi. Fakulteti talabalari tomonidan tayyorlangan “Alisher Navoiyning hayot yo‘li” nomli spektakl namoyish etildi. Spektakl davomida talabalarimiz Alisher Navoiy, Husayn Boyqaro, Alisher Navoiyning onasi va boshqa ro‘llarni mahorat bilan ijro etishdi. Shoir ijodidan g‘azallar, tuyuqlar, ruboiylar va qit’alar o‘zbek, ingliz, turkman, qozoq tillarida aytib berildi. Navoiy g‘azallari asosida mumtoz qo‘shiqlar jonli ijroda namoyish etildi. Tadbir so‘ngida “Alisher Navoiy merosi – ma’naviy-ma’rifiy qadriyatlarimiz asosi” mavzusida insho, videorolik va maqolalar tanlovida o‘rin olgan talabalar va ushbu tadbir ishtirokchilari faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi. Bunday tadbirlarning nafaqat mamlakatimiz, balki, butun dunyoda o‘tkazilayotganligi Alisher Navoiy bobomizga bo‘lgan cheksiz hurmat belgisidir. El va xalq g‘ami bilan yashagan Alisher Navoiydek insonlar bashariyat tomonidan hech qachon unutilmaydi.
O‘zbek filologiyasi fakulteti Yoshlar bilan
ishlash bo‘yicha dekan muovini G‘.Urazbayev