Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida buyuk davlat va jamoat arbobi, shox va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 539 yilligiga bag‘ishlab ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda universitet yoshlar masalalari va ma’naviy ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor S.Alauatdinov, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir R.Otarbayev, «Turkman tili va adabiyoti» kafedrasi f.f.f.d (PhD) S.Jepbarova, «O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston tarixi» kafedrasi t.f.n. dotsent G.Karamanova, “Ma’rifat” targ‘ibotchilari jamiyati a’zosi X.Qabulov, «O‘zbek tilshunosligi» kafedrasi o‘qituvchisi M.Allambergenovalar so‘zga chiqib, Boburning o‘zbek adabiy tili ravnaqida qo‘shgan hissasi, Temuriylar tarixida tutgan o‘rni masalalari yuzasidan to‘xtalib o‘tishdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy va adabiy merosni o‘rganishga davlatimiz rahbari tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda. Talaba-yoshlarni insonparvarlik ruhida tarbiyalash va milliy qadriyatlarimizni anglashga buyuk ajdodlarimiz tajribasining ahamiyati juda muhimdir. Shunday siymolardan biri buyuk davlat va jamoat arbobi Zahiriddin Muhammad Boburdir. «Bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur nomi bilan har qancha faxrlansak arziydi.
O‘zbek xalqining dovrug‘ini dunyoga taratgan ulug‘ ajdodlarimizdan biri o‘laroq, ul zot bizni tariximizni qadrlashga kelajakka buyuk ishonch bilan qarashga o‘rgatadi,» degan edi Prezidentimiz.
Bobur bizga nafaqat katta ilmiy-ijodiy meros qoldirgan, balki o‘zining hayot yo‘li bilan ham qalbimizda Vatanga muhabbat tuyg‘usini uyg‘otishga o‘rnak bo‘lib kelmoqda. Vatandoshimiz 12 yoshidan taxt va saltanat ishlari bilan band bo‘lishiga qaramasdan, mumtoz shoir, nazariyotchi adabiyotshunos, tilshunos, san’atshunos, etnograf, geogarf, tarixchi, havonot va navotot olamining bilimdoni sifatida ko‘p qirrali faoliyat olib bordi. Birgina «Boburnoma» asari uning yigirmadan ortiq sohalarga qiziqqanligiga yaqqol misol bo‘la oladi.
Tadbirning badiiy qismida o‘zbek filologiyasi fakulteti talabalari tomonidan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. «Bobur Mirzoning Samarqandga yurishi», «Ibroxim Lo‘diy bilan jangi» va «Xumoyonning kasallanib qolishi» kabi sahna ko‘rinishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini G‘.Urazbayev