QQDUda «O'zbekiston – umumiy uyimiz» shiori ostida festival bo'lib o'tdi | | Karakalpak state university

QQDUda «O‘zbekiston – umumiy uyimiz» shiori ostida festival bo‘lib o‘tdi

Bugun 14 mart kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida «O‘zbekiston – umumiy uyimiz» shiori ostida festival bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining Ijtimoiy va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari R.Nurazizov, shuningdek, «Qozoq», «Rus», «Ukrain», «Turkman», «Koreys» markazlarining bir qator vakillari va universitet professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlari ishtirok etishdi. Dastlab mehmonlar talabalar tomonidan tayyorlangan milliy liboslar, hunarmandchilik namunalari, rassomchilik ko‘rgazmalari, turli millat vakillarining urf-odatlari hamda milliy sport o‘yinlarini tomosha qildilar. Shuningdek, festival doirasida do‘stlik bog‘ini barpo etish maqsadida universitet atrofiga daraxt ko‘chatlari ekildi. Shundan so‘ng, «O‘zbekiston – umumiy uyimiz» mavzusida bayram kechasi boshlandi. Kechani Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori A.Reymov ochib berdi. U o‘z nutqida mamlakatimizda 130 dar ziyod millat vakillari bir oila farzandlaridek bo‘lib, teng huquqli va o‘zaro totuvlikda yashab kelayotganligini, ularning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ta’lim olish, kasb-hunar egallashi, madaniyatlari, urf-odat an’analarini muhofaza etish va rivojlantirish uchun davlatimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilganligini alohida ta’kidladi.

Shundan so‘ng, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining Ijtimoiy va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari R.Nurazizov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasida millatlararo va diniy bag‘rikenglik borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar millatlararo totuvlik, o‘zaro hurmat, mehr-muhabbat, tinchlik-totuvlikni mustahkamlash, ijtimoiy-ma’naviy muhitni ta’minlash, bugungi kunda xalqni rozi qilish uchun elimizda olib borilayotgan islohotlar o‘zining ijobiy samarasini berayotganligini nutqi davomida aytib o‘tdi hamda shunday bayram kechasini tashkil qilgani uchun universitet jamoasiga hurmat yorlig‘ini topshirdi. Shu bilan birga, festival doirasida madaniy milliy markazlarning ko‘rgazmasi va universitetimizning konsert dasturi kecha qatnashchilarining e’tiboriga havola etildi. Darhaqiqat, mamlakatimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirish, millatlarning har tomonlama rivojlanishlari, ularning milliy qadriyatlarini saqlab qolish, urf-odat va an’analarining rivojlanishiga mamlakatimizda barcha imkoniyatlar yaratilgan bo‘lib, bu o‘z navbatida ko‘p millatli xalqimizning millatlararo totuvlikni mustahkamlash Ona Vatanimizning yanada gullab-yashnashiga xizmat qiladi.

Foydali havolalar